Davlat aktivlarini xususiylashtirish

Prezidentning «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Mazkur hujjat bilan transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari va xo‘jalik birlashmalari ro‘yxati hamda korporativ boshqaruv va moliyaviy audit joriy etiladigan, operatsion samaradorligi oshiriladigan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxati tasdiqlanmoqda. Qolaversa, xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishning manzilli dasturlari orqali ommaviy savdolarga chiqariladigan davlat aktivlari ro‘yxati shakllantirildi.

Bundan tashqari, davlat aksiya paketlari (ulushlari) to‘lig‘icha ommaviy savdolar orqali xususiy sektorga sotiladigan korxonalar ro‘yxati va xususiy sektorga sotiladigan davlat ko‘chmas mulki ob’ektlari ro‘yxati ham tasdiqlandi.

Farmonga ko‘ra, 32 ta yirik davlat korxonalari va xo‘jalik birlashmalari transformatsiya qilinadi. 15 ta davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari xususiy sektorga sotiladi.

Shu bilan birga, hujjatga ko‘ra:

274 ta davlat ulushlari bor korxona;

109 ta gazeta, nashriyot va jurnallar;

26 ta axborot texnologiyalari korxonalari va kompyuter xizmatlari ko‘rsatish markazlari;

27 ta xususiy sektor rivojlangan sohadagi tibbiyot muassasalari;

12 ta yog‘-moy sanoati korxonalari;

31 ta vinochilik tarmog‘i va sharob savdo korxonalari to‘liqligicha ommaviy savdolar orqali xususiy sektorga sotilishi belgilandi.

Davlat aktivlarini sotib oluvchilar to‘lovlarni qonunchilikda belgilangan tartibda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti asosida amalga oshirishi ham mumkin.