Meros huquqi

Meros beruvchi yoki merosxo’r hisoblansangiz, biroq quyidagilardan xabardor bo’lmasangiz:

– merosni qanday rasmiylashtirish, olish kerak?

– merosga qanday kirish kerak?

yoki

– uni qanday tasarruf qilish kerak?

bu savollaringizga bizda javob bor.

Biling-ki, ushbu barcha savollar qonun hujjatlari bilan tartibga solingan, O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida esa aynan shunday belgilangan:

1112-modda. Meros olish uchun asoslar

Meros olish vasiyatnoma va qonun bo’yicha amalga oshiriladi.

Vasiyatnoma mavjud bo’lmagan yoxud butun meros taqdirini belgilamagan taqdirda, shuningdek mazkur Kodeks bilan belgilangan boshqa holatlarda meros olish qonun bo’yicha amalga oshiriladi.

1118-modda. Merosxo’rlar

Vasiyatnoma va qonun bo’yicha meros ochilgan paytda hayot bo’lgan fuqarolar, shuningdek meros beruvchi hayotligida homilador bo’lgan va meros ochilgandan so’ng tirik tug’ilgan bolalari merosxo’r bo’lishlari mumkin.

Meros ochilgan paytga kelib tashkil qilingan yuridik shaxslar, davlat va fuqarolar o’zini-o’zi boshqaruv organlari ham vasiyatnoma bo’yicha voris bo’lishlari mumkin.

1116-modda. Merosning ochilishi

Fuqaro vafoti yoki sud tomonidan vafot qilgan deb e’lon qilinishi oqibatida meros ochiladi.

Meros beruvchi vafot etgan kun (zarur hollarda, payt), sud tomonidan vafot qilgan deb e’lon qilinganda esa – fuqaro vafot qilgan deb e’lon qilinishi to’g’risida sud qarori kuchga kirgan kun, agar sud qarorida boshqa kun ko’rsatilmagan bo’lsa, meros ochilgan vaqt deb e’tirof qilinadi.

Agar bir kalendar sutkasi (yigirma to’rt soat) mobaynida biri ikkinchisidan keyin meros olish huquqiga ega shaxslar vafot qilsa, ular bir vaqtda vafot etgan deb e’tirof qilinadi, meros ularning har biridan keyin ochiladi va meros olish uchun ulardan har birining merosxo’rlari chaqiriladi.

Merosga  ega bo’lish yoki merosga tegishli nizolar bilan bog’liq muammolaringizni hal qilishda yordam beramiz!