SSP delegatsiyasi Turkiya Respublikasiga tashrif buyurdi

Joriy yilning 19-aprel kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahabov boshchiligida Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasining Anqara (Turkiya Respublikasi) shahriga tashrifi tashkil etildi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari, Turkiya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida davra suhbati bo’lib o’tdi.

Savdo-sanoat palatasi raisi o‘z nutqi davomida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investorlar uchun yaratilgan qulay muhit va chora-tadbirlarga to’xtalib o’tdi. Soliqlarni tartibga solish sohasini isloh qilish, iqtisodiyotning shaffofligini oshirish, yer uchastkalarini berish tartib-taomillari, xorijiy investorlarni huquqiy himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish va boshqa sohalarda erishilgan yutuqlarni sanab o‘tildi.

Turkiyalik sanoatchilar va tadbirkorlarning o‘zbek hamkorlari bilan yengil sanoat, qurilish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika va O‘zbekiston iqtisodiyotining boshqa tarmoqlarida ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda erishayotgan muvaffaqiyatlari alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, ikki davlat delegatsiyalari oʻrtasidagi muzokaralarda Oʻzbekiston-Turkiya savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikka yuqori baho berildi. Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshib borayotgani, zamonaviy sanoat yaratish va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarini mamnuniyat bilan qayd etdilar.