“Stokgolm+50: Butunjahon farovonligi uchun sog‘lom sayyora – bu bizning mas’uliyatimiz va imkoniyatimiz” xalqaro yig‘ilishida ishtirok etildi

Joriy yilning 1-3-iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi delegasiyasi Stokgolm shahrida (Shvesiya) bo‘lib o‘tgan “Stokgolm+50: butunjahon farovonligi uchun sog‘lom sayyora – bu bizning mas’uliyatimiz va imkoniyatimiz” Xalqaro uchrashuvida ishtirok etdi.

Stokgolmdagi uchrashuvda 137 mamlakatdan delegasiyalar, shu jumladan 6 davlat rahbarlari, 3 hukumat rahbarlari, 128 davlatdan vazirlar va vazir o‘rinbosarlari, shuningdek, 30 dan ortiq xalqaro tashkilotlar, BMT tarkibiy bo‘linmalari va ko‘p tomonlama ekologik konvensiyalar rahbarlari qatnashdi.

O‘zbekiston delegasiyasi vakillari mamlakatning atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash, qattiq chiqindilarni boshqarish, ekologik muvozanat va Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish borasidagi asosiy yutuqlariga e’tibor qaratdilar. Xususan, “Raqamli davrda barqaror rivojlanish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi” mavzusidagi alohida sessiyada O‘zbekiston Respublikasi investisiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari B.Abidov nutq so‘zlab, O‘zbekistonda boshqa tadbirlar bilan bir qatorda, Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast jamg‘armasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va mintaqada ekologik innovasiyalar va texnologiyalar zonasini yaratish hisobiga Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq ekologik oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, Stokgolm forumi doirasida O‘zbekiston delegasiyasi Birlashgan millatlar tashkilotining atrof-muhit bo‘yicha dasturi rahbariyati, Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha Konvensiya kotibiyati (YoHKTSK), Tabiatni muhofaza qilish xalqaro Ittifoqi (TMXI), YeOK atrof-muhit bo‘yicha Boshqarmasi, Global ekologiya jamg‘armasi (GEJ), Shvesiya atrof-muhit agentligi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining atrof-muhit bo‘yicha direksiyasi (IHTT), Shvesiya chiqindilarni boshqarish assosiasiyasi, Shvesiya atrof-muhit instituti, shuningdek, turli mamlakatlar delegasiyalarining bir qator vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi hamda Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast jamg‘armasining O‘zbekistondagi faoliyati, shu jumladan xalqaro yordamni jalb etgan holda mintaqada ekologik innovasiyalar va texnologiyalar zonasini yaratish borasidagi sa’y-harakatlari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdi.

Bir qator hamkorlar 2022-yilda Nukusda bo‘lib o‘tadigan yuqori darajadagi Birinchi Orolbo‘yi xalqaro forumida ishtirok etishga, shuningdek, mintaqada barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan raqamli transformasiya va innovasion texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni ko‘rib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.