Italiyalik investorlar O‘zbekistonda o‘z faoliyatini kengaytirishni rejalashtirmoqda

Joriy yilning 18-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov “Berlusconi Finanzaria” investisiya jamg‘armasi Prezidenti Paolo Berluskoni hamda “Energy System” kompaniyasi prezidenti Roberto Tuchchi bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog‘ida italiyalik tadbirkorlar tomonidan O‘zbekistonda investisiyaviy faoliyatni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Italiya tomoni energetika va maishiy chiqindilarni qayta ishlash sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston hududlarida yetishtiriladigan za’faron hajmini oshirish rejalari bildirildi. Bu, o‘z navbatida, o‘zbek fermerlarining ushbu mahsulot bilan savdo qilishda xalqaro bozorda mavqeini mustahkamlaydi va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratadi.

Tomonlar ushbu loyihalarni hayotga joriy etishni tezlashtirish maqsadida ularni amalga oshirish bilan bog‘liq barcha masalalarni batafsil ko‘rib chiqdilar hamda tezkor yechimlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqdilar.

Uchrashuv yakunida ko‘rib chiqilgan loyihalarni ilgari surishni jadallashtirish maqsadida faol aloqalar va muntazam muloqotni davom ettirishga kelishildi.