O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Nyu-Yorkda Amerikaning yirik investitsiyaviy kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Nyu-Yorkda Amerikaning Franklin Templeton investitsiya kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.

TIV xabariga ko‘ra, amerikalik investorlarga Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasining amalga oshirilishi, erishilgan natijalar va mamlakatimizning turli sohalardagi muvaffaqiyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Respublikada xorijiy investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlashning tubdan yangi tizimini yaratish, imtiyoz va preferensiyalar berish, bank-moliya sektorini rivojlantirish, xususiylashtirish jarayonlarini kuchaytirish, infratuzilmani barpo etish, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.

Franklin Templeton vakillari taqdim etilgan maʼlumotlar uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston tomonining ochiqlik siyosatiga sodiqligini va tadbirkorlik subʼyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini yuqori baholadilar. O‘zbekistondagi yirik davlat korxonalari va banklarini xorijiy investorlarni jalb etgan holda xususiylashtirishda Franklin Templtonga ko‘maklashish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Franklin Templeton – 1947 yilda tashkil etilgan ko’p millatli Amerika xolding kompaniyasi. Yakka tartibdagi investorlar, korporatsiyalar va moliya institutlariga keng qamrovli investitsiya va maslahat xizmatlarini taklif etadi. Xususiy, professional va institutsional investorlar nomidan boshqaruv ostida 1,4 trillion dollarlik aktivlarga ega.