Samarqand shahridagi yo‘l va suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun 358 million dollar yo‘naltiriladi

Oʻzbekiston Samarqand shahridagi yoʻl va suv taʼminoti tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun 300 million dollar miqdorida kredit jalb qiladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Samarqand shahrining suv ta’minoti tizimi va avtomobil yo‘llari tarmog‘ini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi “Samarqand shahrining suv ta’minoti tizimi va yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish” loyihasini moliyalashtiradi.

Loyiha Prezidentning 2019-yilda BAAga tashrifi chog‘ida imzolangan investitsiya shartnomasida ko‘zda tutilgan.

Loyiha doirasida Abu-Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan 300 million dollar miqdorida kredit ajratiladi.Mablagʻlar yillik 2,5% stavkada, 4 yillik imtiyozli davr bilan 17 yilga beriladi. Umumiy qiymati 358,31 million dollar boʻlgan loyiha 2022-2026-yillarda amalga oshiriladi.

Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasining asosiy qarzini to‘lash, foizlarni qoplash, kreditga xizmat ko‘rsatish to‘lovlari va Loyiha doirasidagi boshqa xarajatlar suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha – “Samarqand suv ta’minoti” va Samarqand viloyati mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan, avtomobil yoʻllari tarmogʻini modernizatsiya qilish boʻyicha — respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Loyiha doirasida O‘zbekistonga olib kirilayotgan tovarlar va uskunalar bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan. Davlat ishtirokchi kompaniyalarga ular tomonidan to’langan QQS miqdorini ham to’laydi. Bu miqdor 42,76 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.