Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 9-iyun kuni Savdo-sanoat palatasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahabovning Turkiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi O.Bekar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida tomonlar savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning muhim tarkibiy qismi ekanligini ta’kidladilar.

Tadbirda Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahabov bugungi kunda O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilayotganiga alohida to‘xtaldi.

Turkiya Respublikasi elchisi O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi sheriklik munosabatlari, xalqlar o‘rtasidagi ko‘p asrlik qardoshlik rishtalari va turli sohalarda tobora kuchayib borayotgan hamkorlikka ham e’tibor qaratdi. Muloqot chog‘ida joriy yilda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘z navbatida Turkiya tomoni O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur’atlarini, mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish borasidagi faolligini yuqori baholadi.