O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari hamkorlikni mustahkamlashga intilmoqda

Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari A.Japarov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda o‘zbek-qirg‘iz hamkorligining bugungi holati va uni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish va tuzilgan bitimlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.

Tomonlar iqtisodiy sheriklikni yanada kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etib, avvalo sanoat kooperatsiyasi loyihalari va savdo shartnomalarini nazarda tutgan holda yangi kelishuvlarga erishish maqsadida vazirlik va idoralar ishchi guruhlarining o‘zaro tashriflarini tashkil qilishga kelishib oldilar. Shu nuqtai nazardan, qo‘shma istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish va rag‘batlantirishning samarali vositasi sifatida 2021-yilda tashkil etilgan O‘zbek-Qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasining ahamiyati qayd etildi.

Uchrashuv ishtirokchilari ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidagi muhim masalalarni muhokama qilgandan so‘ng ikki davlatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirokidagi kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarga o‘tdilar. Unda sanoat, mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish, transport va tranzit, bojxona tartib-taomillari, ta’lim va madaniyat sohalaridagi masalalar har tomonlama ko‘rib chiqildi.

Gidroenergetika, infratuzilma va transport sohasidagi qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlari ham ko‘rib chiqildi va kelishib olindi. O‘zaro maqbul yechimlar ishlab chiqildi va ushbu loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni faollashtirish to‘g‘risida yakdil qarorga kelindi.

Uchrashuv yakunida yuzaga kelayotgan barcha muammolarni zudlik bilan hal qilish maqsadida ikki tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha munosabatlarni chuqurlashtirishga o‘zaro sodiqlik bildirildi.