Hukumat komissiyasining Farg‘ona viloyati tadbirkorlari va eksportchilari bilan uchrashuvida xo‘jalik faoliyati jarayonida duch kelinayotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi kecha Farg‘ona viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining hozirgi holatini o‘rganish va uni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish maqsadida ushbu hududga yo‘l oldi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) ma’lumotiga ko‘ra,  viloyatga tashrif davomida Farg‘onadagi «Tadbirkorlar saroyi»da hudud ishbilarmonlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda viloyat tadbirkorlari va eksportchilari xo‘jalik faoliyati jarayonida duch kelayotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, ishlab chiqarish va eksport qilish jarayonida duch kelingan xususiy va tizimli tusdagi masalalarni muhokamaga qo‘yish imkoniga ega bo‘lgan 300dan ortiq tadbirkorlar qatnashdi.

Bunday masalalar doirasiga asosan investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlari va tijorat banklari tomonidan eksport qiluvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, yer uchastkalari, bo‘sh bino va inshootlarni ajratish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish, ishlab chiqarish faoliyati uchun zarur bo‘lgan turli sertifikat va ruxsatnomalarni olish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bilan bog‘liq muammolar hamda boshqalar kiradi.

Har bir muammo viloyatning tuman va shaharlaridagi tegishli vazirlik, idora va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarini jalb etgan holda o‘rganilib, tahlil qilindi. Ularni amaliy hal etish mexanizmlari ishlab chiqilib, ijro etish muddatlari aniq belgilangan holda kompleks yechimini ta’minlash bo‘yicha tegishli rahbarlarga manzilli ko‘rsatmalar berildi.

Tizimli xarakterdagi muammoli vaziyatlarni hal qilish tajribasi Hukumat komissiyasi darajasida aniq algoritmlarni yoyish va keyinchalik ularni mamlakatning boshqa hududlarida joriy qilish uchun qabul qilindi.

Uchrashuv davomida tadbirkorlarning ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha konstruktiv takliflari ham batafsil ko‘rib chiqildi, ularning aksariyati o‘rganish, tahlil qilish va kelgusida hayotga tatbiq etish uchun qabul qilindi.

Uchrashuv ishtirokchilari to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotning ushbu formatini mamnuniyat bilan qabul qilib, hukumat vakillari va biznes olami o‘rtasidagi muntazam muloqot ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladilar.

Uchrashuv ijtimoiy tarmoqlarda onlayn tarzda uzatildi. Bu tadbirkor va eksportchilarga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlaridagi rasmiy sahifalari orqali Hukumat komissiyasi rahbariyatiga o‘z savollarini masofadan turib yo‘llash imkonini berdi. Barcha kelib tushgan murojaatlar o‘zining aniq yechimlarini topib, nazoratga olindi.

Shuningdek, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga ishbilarmon doiralar bilan doimiy va tizimli hamkorlik qilish borasida faol choralarni ko‘rish, yuzaga keladigan barcha masalalarni zudlik bilan hal qilish va kelib tushayotgan murojaatlarga samarali javob berish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga belgilangan masalalarni hal qilish bo‘yicha manzilli vazifalar yuklatildi.