Saudiyalik yirik tadbirkor O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va logistika sohalarida sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirmoqchi

O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi respublikamizga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini targ‘ib etish maqsadida Saudiya Arabistonining yirik ishbilarmonlar oilasiga mansub “Lalei Al Barakah Trading Group” kompaniyasi direktori Solih Batterji bilan uchrashuv uyushtirdi.

Suhbatdosh O‘zbekistonda xorijiy investorlarga yaratilayotgan qulay sharoit va imtiyozlar, xususan, respublikadagi erkin iqtisodiy hududlar faoliyati, mamlakatimizning iqtisodiy va sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishtirildi. Saudiya tomoni O‘zbekistonda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, jumladan, “O‘zcharmsanoat” assotsiatsiyasi bilan sarmoyaviy hamkorlik imkoniyatlari to‘g‘risidagi maʼlumotlardan ham voqif bo‘ldi.

O‘z navbatida, Solih Batterji O‘zbekistonda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlarga yuqori baho berar ekan, joriy yilning oxiriga qadar Toshkentda “Lalei Al Barakah Trading Group” vakolatxonasini  ochishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.

Solih Batterji o‘z kompaniyasi orqali O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va logistika sohalaridagi investitsion loyihalarni amalga oshirish niyatida ekanligini maʼlum qildi.