O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi darajaga chiqmoqda

Joriy yilning 24-mart kuni Toshkent xalqaro investisiya forumi doirasida Savdo, iqtisod, investisiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi Hukumatlararo komissiyasining 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi (HK). O‘zbekiston tarafidan Bosh vazir o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Saudiya Arabistoni tarafidan esa Saudiya Arabistoni Podshohligining investisiyalar vaziri Xolid al-Falih yig‘ilishga qo‘shma raislik qildilar. Tadbirda, shuningdek, ikki mamlakatning eng muhim vazirlik va idoralarining rahbarlari ishtirok etdilar.

Majlisning kun tartibi doirasida savdo-iqtisodiy va investisiya jabhalarida, energetika, kimyo sanoati, telekommunikasiya va axborot texnologiyalari, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, turizm, madaniyat va sport, sog‘likni saqlash, fan va ta’lim, atrof-muhit muhofazasi va ekologiya sohasidagi ikki taraflama hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Tadbir davomida ikki mamlakat delegasiyalarining rahbarlari O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ko‘pqirrali hamkorligini yanada chuqurlashtirishga sodiqligini bildirdilar va ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish uchun ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligi to‘g‘risida umumiy to‘xtamga keldilar.

Ikkala mamlakat tarmoq vazirlik va idoralarining HK platformasida muvofiqlashtirib borilayotgan kelishilgan xatti-harakatlari tufayli keyingi yillarda o‘zbek-saudiya hamkorligini rivojlanish sur’atlari ancha o‘sgani ta’kidlandi. Jumladan, joriy yilning ikki oyi mobaynida o‘zaro savdo hajmi o‘tgan 2021-yilning shu davriga nisbatan 9 baravarga oshdi. Taraflarning fikricha, bularning barchasi ushbu yo‘nalishda munosabatlarni faollashtirish uchun katta imkoniyatlardan dalolat beradi, shunga bog‘liq ravishda izchil mexanizmlar, aniq muddatlar va mas’ul ijrochilarni ko‘rsatgan holda yaqin istiqbolda O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni tovar aylanmasini bir necha baravar ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shma «Amaliy harakatlar rejasi»ni ishlab chiqish borasida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Saudiya Arabistonida tarmoq sanoat ko‘rgazmalarini o‘tkazish kelishildi, bu ikki mamlakatning sanoat salohiyatini namoyish qilishga va yetakchi o‘zbek va saudiyalik ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishga imkon beradi.

Taraflar ishbilarmon hamkorlikni chuqurlashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollarida ham alohida to‘xtab o‘tdilar. Keyingi yillarda O‘zbekistonda saudiya kapitali ishtirokida tuzilgan korxonalar soni to‘rt marta oshgani ta’kidlab o‘tildi. Mamlakatda an’anaviy va muqobil energetika sohasida saudiyalik investorlarning keng ko‘lamli loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Tomonlar, IT sohasi, elektronika, farmasevtika, biotexnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, yengil, kimyo va neft-kimyo sanoati singari istiqbolli sohalarda yangi investisiya loyihalarini amalga oshirishda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini yanada yaqinlashuvi va o‘zaro amaliy ko‘mak berish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish borasida birgalikda ishlashga tayyorlikni bildirdilar.

Taraflar, ichki iste’molning yuksak hajmi, shuningdek, mintaqaviy va xorijiy bozorlarga chiqish mavjudligi evaziga shakllanadigan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni chiqarish bo‘yicha qo‘shma ishlab chiqarishlar sonini oshirishni maqsad qilib qo‘ygan sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yishning istiqbolli ekanligini alohida ta’kidladilar. Shunga bog‘liq ravishda, taraflar har ikkala tomondan aniq loyihalarni va ularning tashabbuskorlarini o‘z ichiga olgan 2022-2023-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma Sanoat kooperatsiyasi Dasturini ishlab chiqishi va tasdiqlashi kelishildi.

Shuningdek, ikki mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishning muhim omili sifatida fan va texnologiya sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar ko‘rib chiqildi. Toshkent texnoparki va qirol Abdulaziz nomidagi fan va texnologiyalar markazi o‘rtasida ularning faoliyatlari bilan tanishish maqsadida ushbu muassasalar delegasiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkillashtirish va hamkorlikning konkret yo‘nalishlarini aniqlash yo‘li bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish xususida kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, o‘zaro O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni Madaniyat kunlarini, shuningdek, ikki mamlakat yoshlarining yaqinlashishi uchun qo‘shma tadbirlarni tashkillashtirish bo‘yicha choralar muhokama qilindi. E’tiborni ziyorat turizmiga qaratgan holda ikki mamlakatning turizm idoralari o‘rtasida qo‘shma hamkorlik dasturini ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishildi.

Tadbir chog‘ida ikki davlatning vazirlik va idoralari rahbarlari ham so‘zga chiqib, hamkorlikning keyingi yo‘nalishlarini belgiladilar va qo‘shma loyiha va tashabbuslarni muhokama qildilar.

Majlis yakuni bo‘yicha tadbir chog‘ida erishilgan hukumatlararo va idoralararo kelishuv va shartlashuvlarni o‘z ichiga olgan bayonnoma imzolandi.