O‘zbekiston va Malayziya islom moliyasi sohasida ilg‘or tajriba almashishni yo‘lga qo‘ymoqda

Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasi rektori  Elmurod Hoshimov va Malayziya Global islom moliyasi universiteti (INCEIF) prezidenti va bosh direktori Azmi Omar o‘rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi.

Videokonferensiya aloqasida tashkil etilgan ushbu uchrashuv mamlakatimiz elchisi Ravshan Usmonovning yaqinda INCEIF rahbariyati bilan o‘tkazgan muzokaralarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Xalqaro islom moliyasi taʼlim markazi (International Centre for Education in Islamic Finance – INCEIF) 2005-yilda Malayziya Markaziy banki tomonidan ushbu yo‘nalishda mutaxassis va ekspertlarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan. 2006 yilda unga universitet maqomi berilgan. Bugungi kunda INCEIF Biznes-maktablarni rivojlantirish uyushmasi tomonidan akkreditatsiya qilingan Global islom moliyasi universiteti sifatida tanilgan bo‘lib, islom banki va moliyasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha jahondagi yetakchi taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi.

Muzokaralar chog‘ida Malayziya universiteti tomonidan ilg‘or tajribalar almashuvini yo‘lga qo‘yish, islom banki va moliyasi infratuzilmasini yaratish, islom moliyasi tamoyillari asosida sug‘urta faoliyati, qimmatli qog‘ozlar  operatsiyalari hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan malaka oshirish dasturlarini tashkil etishga hozirlik bildirildi.

Tomonlar islom moliyasi, biznes boshqaruvi, menedjment, bank ishi va raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlarida qo‘shma diplom berish bo‘yicha taʼlim dasturlarini hayotga tadbiq etishdan, shuningdek, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston bank sohasi rahbarlari hamda Bank-moliya akademiyasi pedagoglari uchun islomiy moliya vositalari, islom banki mahsulotlarini yaratish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar va treninglar tashkil etish, Malayziyada Bank-moliya akademiyasi  talabalari va magistrantlari uchun yozgi maktablar, tajriba o‘tash kurslarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Tomonlar Hamkorlik memorandumi loyihasini imzolash yuzasidan ham yakdillikka erishdi. Shu maqsadda joriy yilning uchinchi yoki to‘rtinchi choragida Bank-moliya akademiyasi delegatsiyasining Malayziyaga amaliy safarini tashkil etish rejalashtirildi.