O‘zbekiston va Yaponiya iqtisodiy sheriklikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi

Tokio shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Koichi Xagiuda o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv kun tartibida investisiyalar, sanoat va o‘zaro savdo sohasidagi ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari bo‘ldi.

So‘nggi yillarda ikki davlat rahbariyati, shuningdek, vazirlik va idoralar darajasidagi muntazam ikki tomonlama aloqalar tufayli O‘zbekiston va Yaponiyaning iqtisodiy hamkorligi izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

Jumladan, joriy yilning uch oyi yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichiga nisbatan ikki barobar oshdi. O‘zbekistondan Yaponiyaga kimyoviy mahsulotlar, xizmatlar, rangli metallar, to‘qimachilik mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, sabzavot sharbatlari va ekstraktlar eksport qilinadi hamda transport vositalari, plastmassa buyumlari, mashina va uskunalar ko‘pincha import qilinadi. Yaponiyaga o‘zbek to‘qimachiligi, meva-sabzavot mahsulotlari, kimyoviy moddalar va qotishmalar eksportini oshirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.

 

Investisiyaviy sohada ham sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Jumladan, hozirgi paytda O‘zbekistonda Yaponiya investisiyalari ishtirokidagi 46 ta korxona mavjud bo‘lib, ulardan 30 tasi yuz foiz Yaponiya kapitali asosida tashkil topgan. Yaponiyaning 15 ta yirik kompaniyalari vakolatxonalari akkreditasiyadan o‘tgan bo‘lib, ularning asosiy faoliyat yo‘nalishlari neft’-gaz, neft’-kimyo, mashinasozlik va kimyo sanoati, energetika ob’ektlari uchun uskunalar ishlab chiqarish, transport va logistika xizmatlari, savdo operatsiyalari, ta’lim va turizm hisoblanadi.

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yilda Yaponiyaga tashrifi yakunlari bo‘yicha imzolangan qiymati 4,3 milliard dollarlik 22 loyihaning amalga oshirilishini ko‘rib chiqdilar.

Muloqot chog‘ida energetika, sog‘liqni saqlash, transport infratuzilmasi va axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish uchun muhim imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha aniq loyiha takliflari bilan almashish maqsadida yaqin idoralararo hamkorlik mexanizmini yaratish hamda ularni hayotga tatbiq etishga ko‘maklashish yuzasidan kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston tomoni Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) davlat kafolatlarini jalb etmasdan energetika sohasini moliyalashtirish hamda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xususiy sektorni moliyalashtirish bo‘yicha yangi vositasini O‘zbekistonda qo‘llash tashabbusini olqishladi.

Toshkentda nevrologiya va insul’t tibbiyot markazini qurish loyihasi, Samarqand va Andijon shaharlarida tibbiy klinikalarni jihozlash loyihasi, yirik energetika loyihalari va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan qator loyihalarning amaliy jihatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Alohida tartibda Yaponiya tomonidan Yaponiya sanoat sinov markazlarida o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun amaliyot va treninglar tashkil qilish istiqbollari muhokama qilindi. Bu standartlashtirish, mahsulot va xizmatlarni sertifikatlash, metrologiya va sifat menejmenti sohasida O‘zbekistonning kadrlar salohiyatini mustahkamlashga yordam beradi. Bu esa, o‘z navbatida, mahalliy mahsulotlarning sifati va raqobatbardoshligini hamda ularning zamonaviy xalqaro standartlarga muvofiqligini oshirishga yordam beradi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha joriy va ishlab chiqilayotgan loyihalarni tasdiqlash ishlarini jadallashtirish borasida yaqin hamkorlikda ish olib borishga kelishib olindi, shuningdek, O‘zbekiston – Yaponiya hamkorligini chuqurlashtirishga o‘zaro sodiqlik bildirildi.