O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklik izchil kengayib bormoqda

Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti S.Japarov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda, avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport va logistika, suv-energetika, turizm va gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi serqirra munosabatlarni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga o‘zaro sodiqlik bildirildi.

Ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichlarida sezilarli o‘sish kuzatildi. Jumladan, so‘nggi 5 yil ichida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 baravar oshdi va 2021-yilda 950 million dollarga yetdi. Bugungi kunda o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjudligi ma’lum qilindi va shu munosabat bilan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha ishlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Investisiyaviy sohada ham sezilarli yutuqlar kuzatilmoqda. Shu nuqtai nazardan, tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi investisiyaviy munosabatlar kengayishining katalizatori bo‘lishga mo‘ljallangan O‘zbek – qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasining rasmiy ochilishini olqishladilar.

Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar va qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surishni jadallashtirish hamda yuzaga kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal qilish maqsadida hukumatlararo va idoralararo hamkorlikni yanada faollashtirish bo‘yicha qator takliflarni bildirdilar.

Uchrashuv yakunida ko‘rib chiqilgan barcha sohalarda munosabatlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish, amaldagi kelishuvlarni sifatli va o‘z vaqtida ro‘yobga chiqarish yuzasidan kelishuvga erishildi.