Finlyandiyaning yetakchi yog‘och sanoati konserni O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqish bildirdi

O‘zbekiston elchisi Qadamboy Sultonov Finlyandiyaning «UPM (United Paper Mills) Kymmene» yog‘och sanoati konsernining strategiya bo‘yicha vitse-prezidenti Kari Stalberg bilan videoaloqa vositasida uchrashuv o‘tkazdi.

Unda O‘zbekiston va UPM o‘rtasida savdo-sarmoyaviy va texnologik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari yuzasidan fikr almashilgani barobarida O‘zbekiston-Finlyandiya o‘rtasidagi sheriklik izchil rivojlanib borayotgani hisobga olingan holda amaliy hamkorlikning oldinda turgan rejalari ham atroflicha muhokama qilindi.

Finlyandiyalik ishbilarmon umumiy aholisi soni 60 milliondan ziyod Markaziy Osiyo va O‘zbekiston bozori katta istiqbollarga ega ekanligini qayd etdi. «Ta’minot zanjiridagi o‘zgarishlar, ishlab chiqarish quvvatlarini qayta yo‘naltirish zarurati sharoitida UPM dunyoning turli mintaqalarida o‘z vakilatxonalarini ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda», dedi Kvari Stalberg.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Finlyandiya tomonidan davlat tuzilmalarini jalb qilgan holda bo‘lajak muloqotlar formati va jadvali yuzasidan ham fikr almashildi.