Buyuk Britaniyadan qarash: O’zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli qulay investitsiya muhiti yaratildi

O’zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi «Connect Real Estate Club» kompaniyasi bilan birgalikda mamlakatimizning xorijiy biznes uchun iqtisodiy imkoniyatlariga bag’ishlangan «Uzbekistan: Booming times of The Silk Road dreams» mavzusida seminar o’tkazdi.

Tadbir ma’ruzachilarning chiqishlari shaklida bo’lib o’tdi, so’ngra o’zaro fikr almashish, shuningdek, savol-javoblar sessiyasi bo’lib o’tdi. Webinarda buyuk Britaniya, Avstraliya, Italiya, Fransiya, AQSh va boshqa mamlakatlardan 50 dan ortiq kompaniya va investitsiya fondlari ishtirok etdi.

Elchixona vakillari, shuningdek, O’zbekiston strategik rivojlantirish agentligi bosh direktorining o’rinbosari Aziz Gafurov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar dasturining asosiy jihatlari, investitsiya va savdo salohiyatining prezentatsiyalarini taqdim etdilar.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yoki yaqin kelajakda o’z biznesini boshlamoqchi bo’lgan «Quadro Capital Partners» (rivojlanayotgan mamlakatlarda investitsiya guruhi), «Asia Frontier Capital Ltd» (aktivlarni boshqarish bo’yicha xususiy fond) kompaniyalari rahbarlari va «CBRE» (tijorat ko’chmas mulk) rahbari  Charlz Maklow investitsiya muhiti, mamlakat salohiyati va rivojlanish istiqbollari, biznes yuritish shart-sharoitlari haqida o’z baholarini bildirdilar 

Ularning chiqishlarida O’zbekistonda iqtisodiy liberallashtirish ko’lamini e’tirof etish, hokimiyat va biznes o’rtasidagi konstruktiv hamkorlikning yangi muhitini shakllantirish, iqtisodiyotni faol sanoatlashtirish jarayonlari, mamlakatning muhim resurs bazasi, jumladan, inson salohiyati kabi omillar ta’kidlandi. Turli tarmoqlardagi aktivlarni xususiylashtirish doirasida chet el kapitali uchun yangi imkoniyatlar ochilayotgani alohida qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilari O’zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida bugungi kunda mamlakatimizda qulay sarmoyaviy muhit yaratilgani, iqtisodiyotning ko’plab sohalarida biznes yuritish uchun keng imkoniyatlar yaratayotgani haqida kelishib oldilar.