Intellektual mulkni himoya qilish

Basharti intellektual mulkning muallifi hisoblansangiz, intellektual faoliyatingiz natijasidan noqonuniy foydalanilganlik yoki “pirat”likdan zarar ko’rayotgan bo’lsangiz…

Biling-ki, ijodiy faoliyatingizga nisbatan huquqlaringiz (mualliflik huquqlari) va ijodiy yutuqlaringizdan o’zgalarning foydalanish huquqi (foydalanish huquqi) O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan, aynan 42-moddasida esa shunday belgilangan:

42-modda. Har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi.

Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g’amxo’rlik qiladi.

1997 yil 1 martda joriy qilingan (2010 yilda so’nggi o’zgartirishlar kiritilgan) O’zbekiston Respublikasining amaldagi Fuqarolik kodeksi ham Sizning intellektual mulkka nisbatan huquqlaringizni mustahkamlaydi.

81-modda. Fuqarolik huquqlari ob’ektlarining turlari

Fuqarolik huquqlarining ob’ektlariga ashyolar, shu jumladan pul va qimmatli qog’ozlar, boshqa buyumlar, mol-mulk, shu jumladan mulkiy huquqlar, ishlar va xizmatlar, ixtirolar, sanoat namunalari, fan, adabiyot, san’at asarlari va intellektual faoliyatning boshqa natijalari, shuningdek shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa moddiy hamda nomoddiy boyliklar kiradi.

Intellektual faoliyat natijalari uchun huquqlar nomoddiy boyliklarga taalluqlidir.

97-modda. Intellektual faoliyat natijalari

Ushbu Kodeks va boshqa qonunlarda belgilangan hollarda va tartibda intellektual faoliyatning aniq ifoda etilgan natijalari hamda yuridik shaxsning bu natijalarga tenglashtirilgan o’ziga xos vositalari, ana shu ishlar yoki xizmatlarni ado etayotgan jismoniy yoki yuridik shaxsning mahsulotlari (firma nomi, tovar belgisi, xizmat ko’rsatish belgisi va h.k.)ga nisbatan fuqaroning yoki yuridik shaxsning mutlaq huquqi e’tirof etiladi.

Mutlaq huquq ob’ekti bo’lgan intellektual faoliyat natijalari va o’ziga xos vositalaridan uchinchi shaxslar huquq egasining ruxsati bilangina foydalanishlari mumkin.

Intellektual mulkka bo’lgan o’z huquqingizni himoya qiling!