Nazorat qiluvchi hokimiyat bekor qilindi

“Sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik prosessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ–661-son, 12.01.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan Fuqarolik prosessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ishlarni nazorat tartibida ko‘rish instansiyasi tugatildi.

Fuqarolik ishining yakka tartibda va hay’atda kassasiya tartibida takroran ko‘rish 5 nafar sud’yadan iborat tarkibda amalga oshirilishi belgilandi.

Ishni birinchi instansiya sudida ko‘rgan sud’ya, agar sudning hal qiluv qarori apellyasiya yoki kassasiya instansiyasi sudi tomonidan bekor qilingan bo‘lsa, bu ishni takroran yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ishlarni ko‘rish, shuningdek sirtdan ish yuritish tartibida qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta ko‘rish hollarida ko‘rishi mumkin.

Shuningdek, prokuror fuqarolik ishlarida boshqa shaxslarning arizalari bilan qo‘zg‘atilgan ishning muhokamasida o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishi mumkin emas.

Endilikda Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil sudning hal qiluv qarori ustidan apellyasiya tartibida shikoyat qilishi mumkin.

Apellyasiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida berilishi, kassasiya shikoyati (protesti) bo‘lsa apellyasiya instansiyasi sudining ajrimi qabul qilingan kundan e’tiboran bir yil ichida berilishi mumkinligi belgilandi.

Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori va apellyasiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan berilgan kassasiya shikoyati (protesti) Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rilishi belgilandi.