ISSVda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi Ijroiya qo‘mitasining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

4-noyabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi binosida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov raisligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi Ijroiya qo‘mitasining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati. Unda Ijroiya qo‘mitasi a’zolari – YTTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Andi Aranitasi, OTB vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Arayya, IFC mintaqaviy rahbari Nil Makkeyn va Kengash Kotibiyati rahbari Aziz G‘afurov ishtirok etdi.

Ishtirokchilar Kotibiyatning 2026-yilning 10 oyi davomidagi faoliyati yuzasidan hisobotini tingladilar: 10 ta idoralararo ishchi guruh faoliyati, investorlar tashabbuslarini ilgari surish, Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya kengashlari mintaqaviy alyansini (RAIC-CAC) ishga tushirish, biznes uyushmalari bilan hamkorlik memorandumlarini imzolash.

Kengash tarkibiga yangi a’zolar – Yaponiyaning ITOCHU korporatsiyasi va Deutsche Bank AGni qabul qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi. Kengash 15 dan ortiq mamlakatning 40 dan ziyod kompaniya va moliya institutlarini birlashtiradi.

2027-yil oxirigacha bo‘lgan davr uchun Ish rejasi tasdiqlandi: ishchi guruhlarning 70 ga yaqin yig‘ilishi, Kengashning 2026-yil 25-noyabr, 2027-yil 18-may va 23-noyabrdagi oraliq sessiyalari, 2027-yil 14–16-iyundagi V yalpi sessiyasi, 2027-yil 9-aprelda Toshkentda RAIC-CAC yig‘ilishi hamda 2027-yil boshida Investment Outlook taqdimoti.

2026-yil 16-dekabr kuni FIC Year-end Session doirasida Kengashning 2026-yil yakunlari bo‘yicha yillik hisoboti taqdim etiladi. Unga ISSV tomonidan o‘tkazilayotgan, xorijiy investitsiyalarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri bo‘yicha 1 000 dan ortiq respondent ishtirokidagi umummilliy so‘rov natijalari kiritiladi.

Kengash davlat va xorijiy investorlar o‘rtasidagi ochiq muloqot maydonchasi sifatida faoliyatini davom ettirib, biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash hamda O‘zbekiston investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga ko‘maklashadi.