Tokioda O‘zbekistonda yangi Yaponiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekiston diplomatlari Yaponiyaning “Sojitz Corporation” kompaniyasi rahbariyati vakillari Masakazu Hashimoto, Hideo Hatada va Takefumi Nishikava bilan uchrashuv o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tomonlar asosiy e’tiborni “Sojitz Corporation” ishtirokidagi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan energetika, transport infratuzilmasi va sog‘liqni saqlash sohalarini qamrab olgan to‘rtta muhim loyihaning borishiga qaratdilar.

Shuningdek, kelgusidagi hamkorlik istiqbollari va o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda yangi qo‘shma tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsadida muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.