O‘zbekiston–Ummon hukumatlararo komissiyasining iqtisodiy va savdo hamkorligi bo‘yicha oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

15-noyabr kuni Maskat shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston–Ummon hukumatlararo komissiyasining iqtisodiy va savdo hamkorligi bo‘yicha oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.

Yig‘ilishga O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Ummonning savdo, sanoat va investitsiyalarni rag‘batlantirish vaziri Anvar bin Hilol al-Jabriy hamraislik qildilar.

Muzokaralar davomida o‘zaro savdo hajmini oshirish, Preferensial savdo to‘g‘risidagi bitimni tayyorlash, texnik to‘siqlarni bartaraf etish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston–Ummon investitsiya kompaniyasini rivojlantirish hamda energetika, sanoat, geologiya, qurilish, qishloq xo‘jaligi va raqamli texnologiyalar sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston mahsulotlarini yangi bozorlarga olib chiqishda Ummon portlaridan foydalanish, logistika va yuk tashuvchi aviaqatnovlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilish yakunida yig‘ilish Bayonnomasi imzolandi. Komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.