Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Misrning Nile Sugar kompaniyasi bosh ijrochi direktori bilan uchrashdi

23-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Misrning Nile Sugar kompaniyasi bosh ijrochi direktori Emad Farid bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.

Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, Nile Sugar kompaniyasi va boshqa xalqaro investorlar bilan hamkorlik doirasida O‘zbekiston Respublikasida qayta ishlash sanoati va unga yondosh infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan loyihalar ishlab chiqilayotgani qayd etildi.

Suhbat yakunida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga tomonlar tayyorligini aks etgan Yakuniy bayonnoma imzolandi. Mazkur hujjatda loyiha parametrlarini, moliyalashtirish shartlarini yanada aniqlashtirish hamda ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni kelishish masalalari nazarda tutilgan.

Erishilgan kelishuvlar Nile Sugar kompaniyasi bilan hamkorlikni amaliy bosqichga chiqarish, qo‘shma loyihalarni ishga tushirish, shuningdek zamonaviy agro-sanoat va qayta ishlash texnologiyalarini jalb etib, ishlab chiqarishni keyinchalik mahalliylashtirish imkonini beradi.