Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar cheklanadi hamda tadbirkorlar va davlat organlari o‘rtasidagi muloqot shaffofligi ta’minlanadi

Prezidentning “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni (PF–63-son, 17.04.2026-y.) bilan yangi nazorat mexanizmlari va raqamli vositalar joriy etilmoqda, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

2026-yil 1-iyuldan boshlab “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi. Unda tadbirkorlar o‘z faoliyati hududidagi mansabdor shaxslar (hokim, mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika inspektori, soliq inspektori) haqida ma’lumot olish va ular bilan chat orqali muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, tekshiruvlar va boshqa muloqotlar yakuniga ko‘ra davlat xizmatchilarining harakatlarini baholash hamda tekshiruv o‘tkazish vakolatiga ega bo‘lmagan shaxslar haqida real vaqt rejimida xabardor bo‘lish imkoniyati yaratiladi.

2026-yil 1-avgustdan boshlab davlat xizmatchilari (shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari) va tadbirkorlar o‘rtasidagi nazorat tadbiri hisoblanmaydigan barcha muloqotlarni tizimda majburiy qayd etish tartibi joriy etiladi. Bundan tashqari, “Biznes himoya” QR-kodi orqali barcha tekshiruvlar, shu jumladan jinoyat ishlari doirasidagi va profilaktik tadbirlar ham ro‘yxatga olinadi.

Davlat xizmatchisining tekshiruv yoki profilaktik tadbir maqsadisiz tadbirkorga tashrifi yoki uni boshqa joyga chaqirishi nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqot deb e’tirof etiladi. Bunday muloqotlarni tizimga kiritish majburiy bo‘lib, bu talabga rioya qilmaslik xizmat tekshiruviga sabab bo‘ladi.

Muloqotning asosli yoki asossiz ekanligi tegishli davlat organlarining ichki korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘linmalari tomonidan baholanadi.

Bir yil davomida bir tadbirkor bilan ikki va undan ortiq asossiz muloqotga kirishgan davlat xizmatchilariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi, ular 12 oy davomida ushbu tadbirkorga nisbatan tekshiruvlarda ishtirok eta olmaydi. Ushbu taqiq buzilgan taqdirda, tekshiruv o‘tkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma 3 oygacha muddatga to‘xtatiladi. Tizimli ravishda qoidabuzarlik sodir etgan shaxslar 6 oy muddatga “Vijdonsiz tekshiruvchilar reyestri”ga kiritiladi.