Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari hamda Shvetsiyaning “Green14” innovatsion kompaniyasi oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi

23-aprel kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Akram Aliyev hamda Shvetsiyaning “Green14” innovatsion kompaniyasi asoschisi Adam Podgorski boshchiligidagi delegatsiya oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.

2021-yilda tashkil etilgan “Green14” kompaniyasi elektronika, energetika va ogʻir sanoatda keng qoʻllaniladigan muhim materiallarni ekologik toza usullar bilan ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Muzokaralar davomida xorijiy hamkorlar Oʻzbekistonda yaratilgan qulay investitsiya muhitini yuqori baholab, geologiya sohasida qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishga qiziqish bildirdilar. Shvetsiya tomoni mamlakatimizda oʻta muhim minerallarni qazib olish va kukunli metallurgiyani rivojlantirish boʻyicha yangi loyihalarni joriy etishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar. Bunda asosiy eʼtibor Shvetsiyaning zamonaviy texnologiyalari asosida yuqori texnologik ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish hamda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar chiqarishga qaratildi.