Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Samarqand shahri va Pastdargʻom tumanidagi sanoat korxonalari faoliyati hamda investitsiya loyihalarining amalga oshirilish jarayoni bilan tanishdi

2-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Akram Aliyev Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida Samarqand shahri va Pastdargʻom tumanidagi sanoat korxonalari faoliyati hamda investitsiya loyihalarining amalga oshirilish jarayoni bilan tanishdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.

Dastur doirasidagi ilk manzil Samarqand shahrida Shanghai Sus Environment kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan chiqindilarni qayta ishlash loyihasi maydoni bo‘ldi.

Shundan soʻng Pastdargʻom tumanida Alfathermplast kompaniyasining polietilen quvurlar va fitinglar ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishildi. Shuningdek, Kimyogarlar shaharchasida yer toifasining oʻzgartirilishi bilan bogʻliq masalalarga duch kelgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazildi.

Bundan tashqari, tashrif davomida quyidagi loyihalar ham oʻrganildi: Samplasservis – alyuminiy profillar ishlab chiqarish, SMKS – koʻmirni saqlash va saralash, Kenno Special Vehicles – monolit va poʻlat konstruksiyalardan uylar ishlab chiqarish, shuningdek Central Asia Automotive Factory – «Foton» brendi ostidagi pikaplar, yuk avtomobillari va mikroavtobuslarni yigʻish loyihalari.

Tashrif yakunida tadbirkorlarni tashvishga solayotgan masalalar ochiq muloqotda muhokama qilindi. Aniqlangan muammolarni tezkor bartaraf etish hamda investitsiya loyihalarining samarali amalga oshirilishini taʼminlash yuzasidan masʼul shaxslarga tegishli topshiriqlar berildi.