Joriy yilning 31-iyul kuni Navoiy viloyatida Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi sayyor majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi, deb xabar bermoqda Senat matbuot xizmati.
Majlisda viloyat hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish dasturlarida belgilangan vazifalar ijrosini oʻrganish natijalari muhokama qilindi. Muhokama jarayonida masʼul rahbarlarning axborotlari ham eshitildi.
Viloyatda 2026-yilning I yarim yilligida yalpi hududiy mahsulot hajmi 113,9 trln soʻmni, oʻsish surʼati 6,7 foizni tashkil etgan. Bunda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 5,4 foizga, qurilish ishlari 28,3 foizga, bozor xizmatlari 18,9 foizga, qishloq xoʻjaligi 4,4 foizga oʻsgan.
Ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida qariyb 1,5 mingta yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilgan, 907,5 mln dollarlik xorijiy investitsiya va kreditlar oʻzlashtirilgan.
Kichik va oʻrta biznes subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 3,2 trln soʻmlik kredit mablagʻlari yoʻnaltirilib, shundan 945 mlrd soʻm “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish”, “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash”, “Biznesga birinchi qadam”, “Mahalla loyihasi” dasturlari doirasida ajratilgan.
Ijtimoiy jihatdan ogʻir hududlarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, tanlab olingan Konimex va Navbahor tumanlari hamda 12 ta “ogʻir” mahallada aholi va tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 156 mlrd soʻmlik 60 dan ziyod loyihalar boʻyicha ishlar boshlangan.
Senatorlar viloyatda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga aniqlangan kamchiliklar va hal etilishi lozim boʻlgan masalalarga ham eʼtibor qaratdi.
Jumladan, joriy yilning I yarim yilligida qurilish ishlari hajmida 2025-yilning mos davriga nisbatan oʻsish surʼatlari Tomdi tumanida taʼminlanmagan. Canoat hajmining oʻsishi Gʻozgʻon shahrida prognoz qilingan 9,2 foiz oʻrniga atigi 2,4 foizni tashkil etgan, shuningdek, Konimex tumanida ham oʻsish surʼati prognozga nisbatan 1,5 foizga kam boʻlgan.
Xatirchi tumanida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmida oʻsish surʼati atigi 1 foizni tashkil etgan boʻlsa, aholi jon boshiga mazkur koʻrsatkichda oʻsish boʻlmagan. Vaholanki ushbu soha tumanning asosiy drayverlaridan biri hisoblanadi.
Eksport prognozi koʻrsatkichlari 6 ta hududda bajarilmagan. Eng past natija Tomdi va Uchquduq tumanlarida qayd etilgan.
Ayrim hududlarda kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligi pastligicha qolmoqda. Xususan, Karmana, Konimex, Tomdi, Xatirchi tumanlari hamda Gʻozgʻon shahrida yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida ishga tushirilgan loyiha mavjud emas.
Navoiy, Zarafshon shaharlari hamda Konimex, Xatirchi, Nurota tumanlarida soliq toʻlovchilarning byudjet oldidagi muddati oʻtgan qarzdorligi oshgan.
Majlisda aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari ham tanqidiy muhokama qilindi. Tahlillar koʻrsatganidek, joriy yilning yanvar–iyun oylarida 15 ming kishi doimiy ish oʻrinlari bilan taʼminlangan, norasmiy sohada band boʻlgan 20 ming kishining mehnat faoliyati legallashtirilgan.
Shu bilan birga, ayrim tumanlarda investitsiya, xizmat koʻrsatish va servis loyihalarini amalga oshirish hamda qurilish sohasida aholini doimiy ish oʻrinlariga joylashtirish boʻyicha rejalar toʻliq bajarilmagan.
Senatorlar tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, sanoat zonalari samaradorligini oshirish, eksport hajmini koʻpaytirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini kuchaytirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlari aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining ijrosi yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisobotlarini Kengash sessiyalarida muntazam eshitib borishi zarurligi taʼkidlandi.
Muhokama yakunida Senat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.






+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz