Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasining majlisida mamlakatimizda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, qurilish sohasida qonuniylikni taʼminlash hamda iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga qaratilgan qator qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi, deb xabar bermoqda Senat matbuot xizmati.
Senatorlar dastlab “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqdi.
Mazkur Qonun chet el fuqarolari uchun maxsus soliq rejimini joriy etish, mamlakatimizga yuqori daromadli investorlar va malakali mutaxassislarni jalb qilish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash hamda iqtisodiyot tarmoqlari uchun malakali kadrlar tayyorlashni ragʻbatlantirishga qaratilgan.
Shuningdek, Qonun bilan dual taʼlim tizimini qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha soliq imtiyozlari ham nazarda tutilmoqda. Senatorlar mazkur Qonun mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Shundan soʻng senatorlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini mustahkamlashga hamda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, mazkur Qonun bilan tadbirkorlik faoliyatining asosiy prinsiplari qonun darajasida mustahkamlanmoqda, tadbirkorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning huquqiy asoslari kengaytirilmoqda hamda xususiy mulk daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha kafolatlar joriy etilmoqda.
Bundan tashqari, tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar reestrini yuritish, masʼuliyatli biznes yuritish va ijtimoiy tadbirkorlik institutlarini huquqiy jihatdan tartibga solish nazarda tutilmoqda. Qonun tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qurilishi tugallanmagan koʻp kvartirali uylarda noqonuniy yashashning oldini olishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ham koʻrib chiqildi.
Ushbu Qonun foydalanishga qabul qilinmagan koʻp kvartirali uylarga fuqarolarning koʻchib kirishiga yoʻl qoʻyish holatlarining oldini olish, qurilish sohasida qonuniylikni mustahkamlash hamda inson hayoti va sogʻligʻini ishonchli muhofaza qilishga qaratilgan.
Qonun bilan buyurtmachi va pudratchilarning masʼuliyati kuchaytirilib, bunday huquqbuzarliklar uchun toʻgʻridan-toʻgʻri jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Senatorlarning fikricha, mazkur Qonun qurilish sohasida xavfsizlikni taʼminlash va fuqarolar huquqlarini himoya qilishning muhim huquqiy kafolati boʻladi.
Muhokama yakunida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz