Senatda Jazoirning Oʻzbekistondagi yangi Elchisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining Oʻzbekistondagi yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Jamila Ashur bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda Senat matbuot xizmati.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Jazoir oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, ikki mamlakatni tarixiy rishtalar, mushtarak qadriyatlar, yaqin madaniyat va urf-odatlar bogʻlab turadi. Oʻzbekiston Jazoir bilan koʻp qirrali munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishdan manfaatdor.

Suhbat chogʻida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini kuchaytirish, shuningdek, ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasida amaliy muloqotni yanada kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Uchrashuvda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati va sanoat kooperatsiyasi sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga eʼtibor qaratildi.

Madaniy-gumanitar sohada Islom sivilizatsiyasi merosini oʻrganish, ilmiy va taʼlim muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish, Toshkent va Al-Jazoir shaharlarida madaniyat kunlari va sanʼat koʻrgazmalari oʻtkazish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini yanada oshirish, gender tenglikni taʼminlash, odam savdosiga qarshi kurashish, barqaror rivojlanish va korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishlarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda oʻzaro tajriba almashish muhimligi taʼkidlandi.

Jazoir parlamenti vakillari 2026-yil 4–6-sentabr kunlari Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoq va Oʻzbekiston parlamenti hamkorligida oʻtkaziladigan Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasida ishtirok etishga taklif qilindi.