Senatda Pokiston Elchisi bilan ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev Pokiston Islom Respublikasining  yangi tayinlangan Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhammad Mudassir Tipu bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda Senat matbuot xizmati.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Soʻnggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanib, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda amaliy hamkorlik kengayib borayotganligi taʼkidlandi.

Parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini yanada jonlantirish, hududlararo aloqalarni kengaytirish hamda xalqaro parlament tashkilotlari doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat xalqlari manfaatlarida parlamentlararo hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.