Pokistonning “Nishat Group” kompaniyasi O‘zbekistonda mehmonxona biznesi, islomiy moliya va boshqa sohalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev kompaniya bosh direktori Muhammad Mansha bilan videokonferensiya o‘tkazdi. Unda tomonlar istiqbolli investitsiya loyihalari va o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Xususan, “Nishat Group” ishtirokida to‘qimachilik sanoati, mehmonxona biznesi, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, islomiy moliya va bank xizmatlari sohalarida loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muhammad Mansha guruhning mehmonxona biznesidagi xalqaro tajribasini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya Lahor va Londonda mehmonxonalarga ega bo‘lib, joriy yilning noyabr oyida Islomobodda yangi mehmonxona ochishni rejalashtirmoqda.
“O‘zbekistonda turizmning rivojlanishi va mehmonxonalarga bo‘lgan yuqori talabni hisobga olgan holda, ushbu sohada investitsiya loyihasini amalga oshirish biz uchun manfaatli bo‘ladi, deb hisoblayman”, – dedi tadbirkor.
“Nishat Group” rahbariyati O‘zbekistonda islomiy bank tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganishga ham qiziqish bildirdi. Kompaniyaning Pokistondagi islomiy bank sohasidagi tajribasini hisobga olgan holda, tomonlar O‘zbekiston qonunchiligi va litsenziyalash talablari asosida alohida islomiy bank tashkil etish yoki mahalliy hamkorlar bilan qo‘shma bank loyihasini amalga oshirish variantlarini ko‘rib chiqadilar.
Muzokaralar yakunida “Nishat Group” delegatsiyasining kompaniya rahbariyati va mutaxassislari boshchiligida O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
“Nishat Group” Pokistonning eng yirik biznes guruhlaridan biri bo‘lib, to‘qimachilik sanoati, bank-moliya sektori, qurilish materiallari ishlab chiqarish, sug‘urta, energetika, mehmonxona biznesi, ko‘chmas mulk, qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik va aviatsiya sohalarida faoliyat yuritadi. Guruh tarkibiga “Nishat Mills Limited”, “MCB Bank Limited”, “MCB Islamic Bank Limited”, “D.G. Khan Cement Company Limited”, “Adamjee Insurance”, “Nishat Power Limited”, “Nishat Hotels and Properties”, “Nishat Dairy” va “Hyundai Nishat Motor” kompaniyalari kiradi.




+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz