ISSVda Yaponiya Bosh vazirining maxsus maslahatchisi bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi

5-oktabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Yaponiya Bosh vazirining maxsus maslahatchisi Yoshimasa Uno bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.

Tomonlar strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash, 2025-yil dekabr oyida oliy darajadagi tashrif doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish masalalarini muhokama qildilar.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 400 mln dollarni tashkil etdi. 2026-yil boshidan buyon ushbu ko‘rsatkich 11 foizga oshib, 228,8 mln dollarga yetdi. Qo‘shma loyihalar portfeli 12 mlrd dollardan oshdi. O‘zbekistonda Yaponiya kapitali ishtirokidagi 144 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Energetika, transport va infratuzilma sohalaridagi yirik loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yaponiya tomoni barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirishga qaratilgan “Erkin va ochiq Hind-Tinch okeani mintaqasi” konsepsiyasi doirasidagi hamkorlikni kengaytirishni taklif etdi.