Norvegiyaning Oslo shahrida bo‘lib o‘tgan “Black Sea Conference 2026” biznes-forumida O‘zbekiston diplomatlari norvegiyalik kompaniyalarga sarmoya kiritish uchun istiqbolli yo‘nalishlarni taqdim etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Norvegiya Sharqiy savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekistonning Norvegiyadagi, qarorgohi Stokgolmda joylashgan elchisi Rahmatulla Nurimbetov ishtirok etdi. U mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar va investitsiya siyosatining ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida qayta tiklanuvchi energetika, konchilik sanoati, suv xo‘jaligi, ekologik texnologiyalar, agrosanoat majmuasi, qayta ishlash va raqamlashtirish sohalari qayd etildi.
Tomonlar, shuningdek, Yevropa va Osiyo o‘rtasida Qora dengiz mintaqasi orqali savdo va tranzit uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadigan Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagiga alohida e’tibor qaratdi.
Forumning muhim mavzularidan biri infratuzilma loyihalari, xususan, Yangi Toshkent shahrini barpo etish bo‘ldi. Bu borada Skandinaviya kompaniyalari barqaror shaharsozlik, energiya samaradorligi, zamonaviy qurilish materiallari va aqlli infratuzilma yechimlariga qiziqish bildirishi mumkin.
Tadbir doirasida O‘zbekiston tomoni “Jotun”, “Norse Group”, “DLA Piper”, “Aker Solutions” va “Innovation Norway” kabi Norvegiya kompaniyalari hamda tashkilotlari vakillari bilan aloqalar o‘rnatdi. Tomonlar hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini ishlab chiqishni davom ettirishga kelishib oldi.
Shuningdek, O‘zbekiston tomoni Norvegiya Sharqiy savdo-sanoat palatasi bosh direktori Olga Larsson bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, jumladan, o‘zaro biznes-missiyalarni tashkil etish istiqbollarini muhokama qildi.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz