Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining Toshkent xalqaro moliya markazini (TXMM) rivojlantirish bo‘yicha Idoralararo ishchi guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining Toshkent xalqaro moliya markazini (TXMM) rivojlantirish bo‘yicha Idoralararo ishchi guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati.TXMMning xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya loyihalarini kengaytirish uchun moliyaviy mahsulotlar, xizmatlar va infratuzilmani rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Yig‘ilishda Osiyo taraqqiyot banki (OTB), JPMorgan, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB), BlackRock, Sullivan & Cromwell, Dentons va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Prezident Administratsiyasi loyiha koordinatori Nodir Jo‘rayev TXMMni tashkil etish jarayoni haqida ma’lumot berdi. Ishtirokchilar investitsiyalarni amalga oshirishdagi ehtimoliy to‘siqlar, markazning moliyaviy, huquqiy va professional infratuzilmasini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlari hamda xorijiy hamkorlarning markaz ekotizimini shakllantirishdagi ishtirokini ko‘rib chiqdilar.

Frankfurt Main Finance boshqaruvchi direktori, Xalqaro moliya markazlari umumjahon alyansi (WAIFC) raisi o‘rinbosari Hubertus Fet TXMM faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalarini taqdim etdi. Markaz Xalqaro moliya markazlari umumjahon alyansi (WAIFC) a’zosiga aylangani qayd etildi.

Ishtirokchilar TXMMning mamlakat iqtisodiyoti uchun ahamiyatini ta’kidlab, xalqaro tajribani muhokama qildilar hamda loyihani amalga oshirish bo‘yicha takliflarini bildirdilar.