Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Koreya Respublikasining Xorijiy infratuzilma va shaharsozlikni rivojlantirish korporatsiyasi (KIND) delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi

21-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ibrohim Ergashev Koreya Respublikasining Xorijiy infratuzilma va shaharsozlikni rivojlantirish korporatsiyasi (KIND) delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.

Tomonlar qo‘shma investitsiya kompaniyasini tashkil etish, infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, aeroportlarni modernizatsiya qilish, “aqlli shaharlar” konsepsiyasini rivojlantirish hamda yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlari, moliyaviy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma investitsiya kompaniyasini tashkil etish masalasini ishlab chiqishni jadallashtirish, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini o‘rganish hamda ularni amaliy amalga oshirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar.