O‘zbekiston eronlik tadbirkorlarni investitsiya loyihalariga jalb qilmoqda

O‘zbekistonning Erondagi elchisi Fariddin Nasriyev Mazandaron viloyati Savdo-sanoat, konchilik va qishloq xo‘jaligi palatasi raisi Ali Tagipur hamda mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” AA muxbiri xabar bermoqda.

Uchrashuv davomida elchi Eron ishbilarmon doiralarini O‘zbekistondagi investitsiya loyihalarida faolroq ishtirok etishga, qo‘shma korxonalar tashkil etishga hamda sanoat, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va savdo sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi.

Ali Tagipur ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasidagi sa’y-harakatlari uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.

Eron tomoni O‘zbekiston bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini tasdiqlab, o‘zaro aloqalarni izchil rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Mazandaron viloyati ishbilarmon doiralari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish, O‘zbekistonning investitsiyaviy va eksport salohiyatini ilgari surish, shuningdek, eronlik tadbirkorlarni mamlakatimizdagi istiqbolli loyihalarga jalb etish muhimligini ta’kidladilar.