Pokiston kompaniyasi Yangi Toshkent hududida zamonaviy turar joy majmualarini qurishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning “Izhar Group” kompaniyasi rahbari Umar Izhar bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv avvalida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, zamonaviy shaharsozlik tashabbuslari va infratuzilma loyihalari, xususan, Yangi Toshkent shahrini barpo etish loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, Yangi Toshkent shahri loyihasining umumiy maydoni 20 ming gektarni tashkil etadi. Loyihaning birinchi bosqichida 6 ming gektar hududni o‘zlashtirish va qariyb 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

O‘z navbatida, “Izhar Group” rahbari kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, qurilish va ko‘chmas mulkni rivojlantirish sohasidagi tajribasi hamda xalqaro bozorlarda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, kompaniya faoliyatida kottejlar va villalardan iborat zamonaviy turar joy majmualarini barpo etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, kompaniyaning Turkiya va boshqa mamlakatlarda to‘plagan tajribasini inobatga olgan holda, Yangi Toshkent shahrini qurish jarayonida hamkorlikning maqbul modellarini qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi. Xususan, loyihaning dastlabki bosqichida investorning yer sotib olish uchun katta mablag‘ sarflashiga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish, qurilish ishlarini tezroq boshlash va loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga ko‘maklashadigan mexanizmlarga e’tibor qaratildi.

Umar Izharning fikricha, bunday yondashuv investitsiya resurslaridan samarali foydalanish, loyihalarni amalga oshirish jarayonini tezlashtirish va Yangi Toshkent hududini o‘zlashtirish sur’atlarini oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Bundan tashqari, investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq qator amaliy masalalar yuzasidan fikr almashildi. Jumladan, texnik va huquqiy talablar, moliyalashtirish mexanizmlari, soliqqa tortish, yer uchastkalarini ajratish, ipoteka va lizing imkoniyatlari, shuningdek, qurilish sohasidagi me’yor va talablar muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida investitsiya loyihalarini amalga oshirish shartlarini batafsil o‘rganish va muhokama qilish maqsadida O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazish, shuningdek, “Izhar Group” delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

1959-yilda tashkil etilgan “Izhar Group” Pokistondagi ko‘p tarmoqli kompaniyalar guruhlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya qurilish, EPC pudratchiligi, metall konstruksiyalar ishlab chiqarish, temir-beton buyumlar tayyorlash, muhandislik tizimlari, turar joy va sanoat obyektlarini barpo etish kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi. Bugungi kunga qadar guruh Pokistonda sement va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi 100 dan ortiq zavod, energetika obyektlari, aeroportlar, to‘g‘onlar, shifoxonalar, shuningdek, sanoat va tijorat obyektlari qurilishida ishtirok etgan.