Senatda Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi jarayonlari muhokama qilindi

Joriy yilning 23-oktabr kuni Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Jahon savdo tashkiloti boʻyicha vakili xizmati bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi jarayonlari va kutilayotgan amaliy natijalar” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda Senat matbuot xizmati.

Unda senatorlar, vazirlik va idoralar vakillari, tahlil markazlari ekspertlari OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Prezidentning Jahon savdo tashkiloti boʻyicha vakili va Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha bosh muzokarachisi Azizbek Urunov mamlakatimizning mazkur tashkilotga aʼzo boʻlishi jarayonlarining joriy holati, xalqaro muzokaralar natijalari, JSTga aʼzo boʻlishda tarmoqlar kesimida amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari boʻyicha axborot berdi.

Jumladan, xorijiy davlatlar bilan 40 dan ortiq muzokaralar raundi olib borildi, 34 dan ziyod davlatlar bilan muzokaralar yakunlandi, 70 dan ziyod milliy qonunchilik hujjatlari JST talablari va xalqaro meʼyorlarga uygʻunlashtirildi. Tashkilot qoidalariga uygʻunlashtirish doirasida intellektual mulkni roʻyxatga olish jarayonlari soddalashtirildi va ortiqcha eksport cheklovlari bekor qilindi.

JST aʼzolari tomonidan Oʻzbekistonda bozor iqtisodiyotiga oʻtish bilan bogʻliq jadal islohotlar amalga oshirilayotgani ijobiy eʼtirof etilmoqda.

JSTga aʼzo boʻlish Oʻzbekistonning tashqi savdo imkoniyatlarini kengaytirish, eksport salohiyati va investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega ekani alohida taʼkidlandi.

Muhokamada JSTga aʼzo boʻlishning mamlakatimiz sanoat tarmoqlari va aholi bandligiga taʼsir qilishi mumkinligi xususida fikr yuritildi. Shuningdek, import raqobati sharoitida mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiy kompensatsiya taqdim etish va maxsus himoya choralarini qoʻllash mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, kichik va oʻrta biznesni yangi raqobat sharoitlariga moslashtirish, mahsulot sifatini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va eksport bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi qonunchilikni JST qoidalari va xalqaro savdo standartlariga toʻliq muvofiqlashtirish ishlarini tizimli davom ettirish, tashkilotga aʼzo boʻlish boʻyicha ikki va koʻp tomonlama muzokaralarni hamda aʼzolikni rasmiylashtirish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni yakunlash muhimligi taʼkidlandi.