Parijda «Paris Infraweek 2026» xalqaro forumi doirasida O‘zbekistonning transport tizimini modernizatsiya qilish va xususiy investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan, umumiy qiymati 15 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yettita ustuvor infratuzilmaviy loyihasi taqdim etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Davlat-xususiy sheriklik (DXSh) va Markaziy Osiyoning transport sohasidagi investitsiyaviy imkoniyatlariga bag‘ishlangan xalqaro tadbir Fransiyaning «Expertise France» agentligi hamda «Herbert Smith Freehills Kramer» xalqaro yuridik kompaniyasi tomonidan tashkil etildi.
Muhokamalarda Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat idoralari, xalqaro moliya institutlari, investitsiya fondlari va infratuzilma kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston delegatsiyasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Transport vazirligi hamda mamlakatning Fransiyadagi elchixonasi xodimlaridan iborat bo‘ldi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston hududlari va Yangi Toshkentdagi istiqbolli infratuzilmaviy hamda shaharsozlik loyihalariga alohida e’tibor qaratdilar. Xorijiy kapitalni jalb etish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va DXSh mexanizmlarini qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muhokamalarning alohida yo‘nalishi loyihalarni moliyalashtirish, investitsiyaviy va operatsion xatarlarni taqsimlash, shuningdek, EPC, davlat-xususiy sheriklik va konsessiya mexanizmlarini qo‘llash masalalariga bag‘ishlandi.
Forum doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi «Proparco», «Rothschild & Co.», Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA), «Bpifrance», «Meridian», Jahon banki va boshqa xalqaro tashkilotlar hamda potensial investorlar vakillari bilan B2G formatida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralarda istiqbolli transport loyihalarini, shuningdek, Yangi Toshkentdagi infratuzilmaviy tashabbuslarni moliyalashtirish va amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, «Paris Infraweek» forumining yubiley, o‘ninchi nashri 2–6-noyabr kunlari Parijda bo‘lib o‘tmoqda. Forum transport, energetika va boshqa strategik sohalarda hamkorlikni rivojlantirish maqsadida davlat organlari, xalqaro moliya institutlari, banklar, investitsiya fondlari va infratuzilma kompaniyalari vakillarini birlashtiradi.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz