Pokistonning «Vision Group» konglomerati qurilayotgan Yangi Toshkent hududida turar joy majmualari, mehmonxonalar, biznes markazlari va savdo obyektlarini o‘z ichiga olgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida 2–4-noyabr kunlari «Vision Group» raisi o‘rinbosari Abdul Rehman Khan boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘ldi.
Biznes missiyasi doirasida kompaniya vakillari O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida muzokaralar o‘tkazdilar. Tomonlar istiqbolli loyihalarning umumiy konsepsiyasi, ularning dastlabki ko‘lami, moliyalashtirish mexanizmlari hamda amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy shartlarini muhokama qildilar.
Turar joy majmualari, mehmonxonalar, ofis va tijorat obyektlarini qurish, shuningdek, O‘zbekistonda developerlik kompaniyasini tashkil etish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Pokiston delegatsiyasi, shuningdek, Yangi Toshkent qurilishi direksiyasiga tashrif buyurib, istiqbolli investitsiya maydonchalari va investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Uchrashuvda yer uchastkalarining joylashuvi, ulardan foydalanish shartlari, auksionlarda ishtirok etish tartibi, qurilishning texnik parametrlari, muhandislik tarmoqlariga ulanish hamda shaharsozlik talablari muhokama qilindi.
Pokiston tomoni zamonaviy turar joy majmualari, mehmonxonalar, biznes markazlari, savdo va servis obyektlarini birlashtirgan ko‘p funksiyali loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar aniq loyihalar konsepsiyalari va arxitektura yechimlarini dastlabki tarzda ishlab chiqish, yer uchastkalariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash hamda dastlabki moliyaviy hisob-kitoblarni tayyorlashga kelishib oldilar. Shundan so‘ng muzokaralarni davom ettirish uchun «Vision Group» rahbariyatining Toshkentga navbatdagi tashrifini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
«Biz ushbu meg loyihada ishtirok etish bo‘yicha samarali muzokaralar o‘tkazdik. Endilikda bizning vazifamiz — o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda imkon qadar qisqa muddatda amaliy ishlarni boshlash», — dedi Abdul Rehman Khan. Shuningdek, u «Vision Group» Pokistonda bir qator yirik loyihalarni amalga oshirish tajribasiga ega ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 15-oktabr kuni O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev «Vision Group» kompaniyalar guruhi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Unda hamkorlik istiqbollari va Pokiston biznesining O‘zbekistondagi loyihalarda ishtirok etishi masalalari muhokama qilingan.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz