Islomobodda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo uchun yangi tranzit imkoniyatlari muhokama qilindi

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning Maxsus investitsiyalarni rag‘batlantirish kengashi (SIFC) bosh direktori Sajid Amin bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuvda Pokiston Tashqi ishlar vazirligi vakillari, SIFCning investitsiya va sanoat loyihalari uchun mas’ul xodimlari, shuningdek, boshqa tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, transport va logistika sohasidagi mavjud muammolarni hal etish, shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi an’anaviy transport yo‘lagining yopilishi natijasida o‘zaro savdo hajmining keskin qisqargani hamda ushbu muammoni hal etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Pokistonning Peshovar shahridan Torkham chegara punkti orqali Afg‘oniston hududidan o‘tib, O‘zbekistonning Termiz shahrigacha yetib boradigan maxsus savdo-tranzit koridorini tashkil etish va tashuvlarni alohida nazorat mexanizmlari asosida amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi.

Mazkur taklifni amaliy jihatdan muhokama qilish uchun O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Transport vazirligi hamda Pokistonning tegishli idoralari ishtirokida onlayn muzokaralar o‘tkazish taklif etildi.

Pokiston tomoni amaldagi cheklovlar xavfsizlik sohasidagi vaziyat bilan bog‘liqligini ma’lum qildi va O‘zbekiston tomonidan maxsus tranzit koridorini tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan taklifni amaliy jihatdan maqbul tashabbus sifatida baholadi.

Uchrashuv davomida Pokistonning yirik qurilish kompaniyalarini «Yangi Toshkent» loyihasiga jalb etish hamda Pokiston ishbilarmon doiralari vakillarining joriy yilda Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Yangi O‘zbekiston: global bozorlar chorrahasida» xalqaro biznes-forumida ishtirokini ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

SIFC rahbariyati ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi hamda moliyaviy imkoniyatlari yuqori va ishonchli Pokiston kompaniyalarini Yangi Toshkent loyihasiga jalb etish va biznes-forumda ishtirokini ta’minlashda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, Pokistonda O‘zbekiston kompaniyalarining ishlab chiqarish va logistika obyektlarini tashkil etish hamda O‘zbekiston delegatsiyasining Karachida o‘tkazilishi rejalashtirilgan «FoodAg–2026» xalqaro oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasida ishtirok etishi masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Ikki mamlakat markaziy banklari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda Pokiston aviakompaniyalarini Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlariga muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.