Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya Yaponiyaning “Sasaki Kasetsu Investment Co., Ltd.” kompaniyasi prezidenti Morio Sasaki bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Kompaniya qurilish-montaj ishlariga ixtisoslashgan. Ayni paytda u Bo‘stonliq tumanida umumiy qiymati 8,5 million AQSh dollariga teng bo‘lgan turar joy va savdo majmuasini barpo etmoqda. Loyiha doirasida ko‘zda tutilgan uchta turar joy majmuasidan ikkitasining qurilishi to‘liq yakunlangan, uchinchisida esa ishlar davom etmoqda.
Muzokaralar davomida loyihani belgilangan muddatlarda yakunlash, uni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish hamda keyingi bosqichda investitsiyalar hajmini oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Xususan, Bo‘stonliq tumanining Chorvoq dam olish hududida mehmonxona yoki zamonaviy dam olish majmuasini qurish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bu hududning turizm salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va xizmatlar sohasini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, kompaniya tajribasidan kelib chiqib, “Yangi Toshkent” loyihasi doirasida turar joy yoki tijorat obyektlarini barpo etish taklifi ilgari surildi.
Kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Yapon kompaniyasining balandlikda ishlash, maxsus qurilish texnikasidan foydalanish va basseynlar o‘rnatish borasidagi tajribasini inobatga olgan holda, Angren shahrida mahalliy quruvchilar uchun o‘quv dasturini tashkil etish taklif qilindi.
Dastur doirasida mutaxassislar nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda qatnashib, malakasini oshiradi hamda kelgusida viloyatdagi va Yaponiyadagi qurilish obyektlarida mehnat faoliyatini davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz