Pokiston kompaniyasi Yangi Toshkentdagi mehmonxona biznesiga investitsiya kiritish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning “Hashoo Group” kompaniyasi rahbari Murtaza Hashvani bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davomida tomonlar mehmonxona biznesi, turizm, ko‘chmas mulk va qurilish sohalarida hamkorlik qilish imkoniyatlarini, ayniqsa, Yangi Toshkentdagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Kompaniya vakiliga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoit va imtiyozlar, mamlakatning turizm salohiyati hamda mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish rejalari haqida ma’lumot berildi. Xususan, Yangi Toshkentda mehmonxona va savdo majmualarini qurish loyihalari taqdim etildi.

Shuningdek, mehmonxonalar, turar joy va tijorat ko‘chmas mulk obyektlarini birlashtirgan zamonaviy ko‘p funksiyali majmualarni barpo etish, shuningdek, O‘zbekistonning yirik shaharlari va turistik hududlaridagi faoliyat yuritayotgan mehmonxonalarni Pokiston kompaniyasi boshqaruviga berish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Murtaza Hashvani kompaniya mehmonxonalarni boshqarish bo‘yicha malakali mutaxassislar jamoasiga ega ekanini ta’kidlab, amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston tomonining takliflarini tezkorlik bilan o‘rganishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida “Hashoo Group” mutaxassislarining O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tashrif davomida ular mamlakatning investitsiya imkoniyatlari, mehmonxona va tijorat ko‘chmas mulki bozori, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda istiqbolli loyihalarni batafsil o‘rganadi.

“Hashoo Group” — Pokistonning 50 yildan ortiq faoliyat tajribasiga ega yirik biznes guruhlaridan biri. Kompaniya mehmonxona biznesi, qurilish va ko‘chmas mulkni boshqarish, turizm, axborot texnologiyalari hamda tog‘-kon sanoati sohalarida faoliyat yuritadi. Uning portfelidan “Pearl-Continental Hotels & Resorts”, “PC Legacy”, “Hotel One” va “PC Residences” mehmonxona brendlari o‘rin olgan.