Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik subyektlarini yanada qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.
Taʼkidlanganidek, Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarida soliq imtiyozlaridan foydalanishning uzluksizligi taʼminlanishini, kichik biznes subyektlari yanada qoʻllab-quvvatlanishini, ularga zarur shart-sharoitlar yaratilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, ayrim hududlarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga qulay shart-sharoitlar yaratilishini, soliq maʼmuriyatchiligi yaxshilanishini, Yashil xayriya jamgʻarmasiga ajratiladigan ixtiyoriy xayriya tarzidagi mablagʻlar hamda yashil bogʻlarni barpo qilish va ularni parvarishlash tadbirlari uchun yoʻnaltirilgan xarajatlar soliqdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi tuzatishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, taʼlim tashkilotlarida foydalanish uchun vakolatli davlat organi tomonidan tavsiya etilgan oʻquv-uslubiy majmuani va boshqa oʻquv materiallarini, shu jumladan raqamli va audiovizual shakldagi oʻquv materiallarini realizatsiya qilgan tadbirkorlik subyektlari aylanma soliq solishdan ozod etilmoqda.
Senatorlar oʻz chiqishlarida Qonun soliq imtiyozlaridan samarali foydalanishga, yashil maydonlarning kengayishiga, aholini ijtimoiy himoya qilishga va uning daromadlarini oshirishga, havoning sifatini yaxshilashga hamda iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini yumshatishga xizmat qilishiga alohida eʼtibor qaratdi.
Majlis yakunida koʻrib chiqilgan masala boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz