Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Gruziya atrof-muhitni muhofaza qilish va qishloq xo‘jaligi vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi

19-noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Gruziya atrof-muhitni muhofaza qilish va qishloq xo‘jaligi vaziri David Songulashvili bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.

Tomonlar qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan o‘zaro savdoni kengaytirish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar. 2021–2025-yillarda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki baravardan ziyod oshib, 267,6 mln dollarga yetdi.

Hamkorlik istiqbollariga, xususan, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash va qadoqlashning zamonaviy texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

Qishloq xo‘jaligi va meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari ishtirokida o‘zaro savdo va biznes missiyalarini tashkil etish masalasi korxonalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish va yangi shartnomalar ustida ishlash maqsadida alohida ko‘rib chiqildi.