Italiya ishbilarmon doiralarida Toshkentdagi xalqaro biznes-forum va «Yangi Toshkent» loyihasiga qiziqish ortib bormoqda

O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev Italiya Savdo-sanoat palatasi (CCII) bosh kotibi Pyer Luidji d’Agata bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar davomida 29-noyabr – 2-dekabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Yangi O‘zbekiston: global imkoniyatlar chorrahasida” xalqaro biznes-forumida Italiya ishbilarmon doiralari vakillarining ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Ma’lum qilinishicha, forumda ishtirok etish uchun CCII boshqaruvi a’zolari hamda Italiyaning 50 ga yaqin kompaniyasi vakillari ro‘yxatdan o‘tgan. Tadbir to‘g‘risidagi ma’lumotlar palata a’zolari, hududiy savdo-sanoat palatalari hamda Markaziy Osiyo bozoriga qiziqish bildirayotgan 1000 dan ortiq Italiya kompaniyalariga yetkazilgan.

Italiya tomoni “Yangi Toshkent” loyihasidan xabardor ekanini va palata a’zolari ushbu loyihaga katta qiziqish bildirayotganini ta’kidladi. Qurilish, devеlopment, arxitektura, muhandislik va infratuzilma sohalarida faoliyat yurituvchi Italiya investorlari va kompaniyalarini jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

CCII vakillari Italiya kompaniyalarining O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqishi ortib borayotganini hamda O‘zbekiston ishbilarmon doiralari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirdi.