23–24-noyabr kunlari O‘zbekistonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonasi tomonidan Yangi Toshkent shahri qurilishi direksiyasi rahbari o‘rinbosari Sharof Rajabovning BAAga ishchi safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida Yangi Toshkent qurilishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni, yirik xalqaro devеloper kompaniyalar va jahonga mashhur brendlarni jalb qilish maqsadida BAAning ko‘chmas mulk, qurilish va investitsiya sohalarida faoliyat yurituvchi 20 ga yaqin yetakchi kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.
Muzokaralar davomida xorijiy investorlarga Yangi Toshkentning bosh rejasi, shaharni rivojlantirish konsepsiyasi, investitsiyaviy salohiyati, istiqbolli loyihalari, shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, imtiyoz va preferensiyalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xorijiy kompaniyalar vakillari Yangi Toshkentda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish ishlari hamda shaharning investitsiyaviy imkoniyatlariga katta qiziqish bildirdilar.
Uchrashuvlarda ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish, zamonaviy arxitektura va shaharsozlik yechimlarini qo‘llash, yetakchi jahon brendlarini jalb qilish hamda xalqaro standartlarga muvofiq shahar muhitini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida bir qator istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish, uzoq muddatli strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va erishilgan kelishuvlarni amaliy bosqichga o‘tkazish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, xorijiy kompaniyalar rahbarlari va ekspertlarining joriy yil yakuniga qadar O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bo‘lajak tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlarni yanada mustahkamlash, istiqbolli investitsiya loyihalarining asosiy parametrlarini kelishib olish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish nazarda tutilgan.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz