Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasida O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tadbirda Xitoyning savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, ta’lim, qurilish va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan 100 ga yaqin kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.
Taqdimotda O‘zbekiston hududlarining iqtisodiy va sarmoyaviy imkoniyatlari, xorijiy investorlar, jumladan, erkin iqtisodiy va sanoat zonalarida yaratilgan shart-sharoitlar, soliq, bojxona va boshqa imtiyozlar, yangi istiqbolli investisiya loyihalari haqida ma’lumotlar berildi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonda biznes yuritishning afzalliklari haqida fikr almashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Tadbir davomida mamlakatimizning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va sayyohlik salohiyatiga oid videofilmlar namoyish etildi. Xitoy kompaniyalari vakillari bilan B2B va G2B formatlarida muzokaralar olib borildi.
“Dunyo” muxbiri bilan suhbatda ishtirokchilarning ayrimlari o‘z fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Van Ping, ‘‘Henan’’ avtomobil kompaniyasi bosh direktori:
– Bugun O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan biznes-forumda ishtirok etdik.
Bu yerda mamlakatingizning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati haqida batafsil ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ldik. Xitoylik investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlardan mamnunmiz.
Kompaniyamiz avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bilan shug’ullanadi. Shuningdek, biz ishlov berish xizmatlarini taklif qilamiz. Mexanik ishlov berish tufayli mahsulotlar to’g’ridan-to’g’ri tayyor mahsulot sifatida ishlab chiqarilishi va iste’molchilarga yuborilishi mumkin.
Kelgusida O‘zbekiston bilan avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilish umididamiz.
Xu Chunjing, Xitoyning qurilish materiallari kompaniyasi vakili:
– Ushbu tadbirda ishtirok etganimdan xursandman. Biz bu yerga O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhiti bilan tanishish, yangi hamkorlar topish maqsadida keldik.
Korxonamiz asosan qurilish materiallari va uskunalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Bugungi muzokaralar davomida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildik.
Hamkorligimiz orqali mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga hissa qo‘shishga tayyormiz.
+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz