Pokistonda ikki tomonlama savdo va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan biznes-forum bo‘lib o‘tdi

Mamlakatimizning Islomoboddagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan biznes-forum tashkil etildi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Forumda Pokiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi prezidenti Atif Ikrom Shayx va Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi rahbari Usmon Shavkat, shuningdek, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, oziq-ovqat sanoati kabi sohalardagi yetakchi ishbilarmonlar va nufuzli tadbirkorlar ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev kirish so‘zi bilan ochdi.

Elchi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash muhimligi haqida gapirdi. U strategik sheriklikni mustahkamlashda O‘zbekiston va Pokiston xalqlari o‘rtasidagi chuqur tarixiy, madaniy va ma’naviy aloqalarning o‘rni borligini alohida ta’kidladi.

Diplomat O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va mamlakatning xalqaro hamkorlikka ochiqligiga alohida e’tibor qaratdi, shuningdek, pokistonlik tadbirkorlarni milliy iqtisodiyotning yangi tarmoqlarida imkoniyatlarni o‘rganishga taklif qildi.

O‘zbekistonning strategik hamkori Pokiston Janubiy Osiyoga eshikdir. ‘‘O‘zbekiston Pokistonni haqiqiy hamkor deb biladi. Biroq hozirgi 400 million dollarlik tovar ayirboshlash salohiyatimizni aks ettirmaydi. Biz bu ko‘rsatkichni besh barobarga oshirishimiz mumkin’’, – dedi u.

Diplomatik missiya rahbari ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikning qator ustuvor yoʻnalishlariga toʻxtalib, qishloq xoʻjaligi va agrosanoat majmuasi, toʻqimachilik va charm sanoati, energetika, xususan, qayta tiklanadigan energiya manbalari, farmatsevtika, turizm, logistika va transport infratuzilmasi, omborlar, taʼminot tarmoqlari va mintaqalararo aloqa tarmoqlari kabi sohalarni taʼkidladi.

Oʻzbekiston elchisi hozirda “Uzbekistan Airways” Milliy aviakompaniyasi Toshkent-Lahor yoʻnalishida haftasiga ikki marta parvozlar amalga oshirayotgani, Toshkent-Islomobod yoʻnalishi boʻyicha ham parvozlar 14-iyundan boshlanishini aytib, Pokiston aviakompaniyalarini ham Oʻzbekistonga parvozlar ochishga chaqirdi.

Pokiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi prezidenti Atif Ikrom Shayx o‘z nutqida Pokiston O‘zbekiston bilan savdo aloqalarini yanada chuqurlashtirishdan juda manfaatdor ekanini ta’kidladi. Ikki davlat oʻrtasidagi savdo va sarmoyaviy imkoniyatlardan hali toʻliq foydalanilmagani, Markaziy Osiyo bilan sanoat va savdo hamkorligini kengaytirish zarurligini taʼkidladi. Biznes vakillari o‘rtasidagi amaliy aloqalarni mustahkamlash, tovar ayirboshlashni sezilarli darajada oshirish bo‘yicha aniq qadamlar qo‘yilishi zarurligini ta’kidladi.

Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi raisi Usmon Shavkat o‘z nutqida Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidlab, Markaziy Osiyodagi ulkan salohiyatdan samarali foydalanish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, tadbirkorlar o‘rtasida yaqin hamkorlikni ta’minlash muhimligiga e’tibor qaratdi. Tadbirkorlar o‘rtasida uzluksiz muloqot va tajriba almashishning aniq mexanizmlarini yaratish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda u iyun-iyul oylarida u boshchiligidagi palata ishbilarmonlar delegatsiyasining O‘zbekistonning turli hududlariga tashrifini tashkil etishni rejalashtirayotganini aytdi.

Tadbirda O‘zbekistonning savdo salohiyati, sanoatni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini liberallashtirish, iqtisodiy islohotlar, shuningdek, erkin iqtisodiy zonalarda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan ulkan imkoniyat va imtiyozlar taqdimoti o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘istondagi “Nukus”, Buxoroning “Alabuga”, Xorazmdagi “Hazorasp” erkin industrial zonalarida xorijiy investorlarga berilayotgan imtiyozlar, farmatsevtika, charm-junni qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalardagi imkoniyatlar va istiqbolli loyihalar haqida ma’lumotlar berildi.

Forum interaktiv savol-javob bilan yakunlandi. Ishtirokchilarning bozorga chiqish, bojxona tartib-taomillari, investitsiya kafolatlari, moliyalashtirish imkoniyatlari, logistika, qonunchilik bazasi, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi organlar, sohalardagi hamkorlikka oid savollariga atroflicha javob qaytarildi.

Ishtirokchilar forumni o‘z vaqtida o‘tkazilgan amaliy tashabbus sifatida baholab, strategik muhim tarmoqlarda eksport va importni kengaytirish, qo‘shma loyihalar ishlab chiqish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar va takliflarni belgilab oldilar.

“Ushbu forum chiqishlar bilan tugamasligi kerak – u yangi yo‘l ochishi, o‘zaro tashriflar va foydali qo‘shma loyihalarni amalga oshirishi kerak”, — deya tadbirni yakunladi O‘zbekiston elchisi. ‘‘Biz sizga do’st, aka-uka va hamkor sifatida yo’lning har bir bosqichida yordam berishga tayyormiz. Bugungi tadbirimiz hamkorligimiz tarixida yangi sahifa ochsin’’.