Shanxayda Xitoy hududlari va Navoiy viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan biznes-forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tadbir Shanxay import va eksport palatasi ko‘magida tashkil etildi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Elbek G‘afforov boshchiligidagi Navoiy viloyati delegatsiyasi hamda Xitoyning 50 dan ortiq yirik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Forumda Navoiy viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati atroflicha taqdim etildi. Xitoylik investorlar viloyatda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, yaratilayotgan imkoniyatlar, soliq va bojxona imtiyozlari, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan chora-tadbirlar, aniq investisiya loyihalari haqidagi savollariga atroflicha javob oldilar.
Tadbirda Navoiy viloyatida “aqlli shahar” infratuzilmasini, yashil energiya, mebel, avtomobil ehtiyot qismlari, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini rivojlantirish bo‘yicha investisiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Mazkur yo‘nalishlarda loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Xitoyning qator kompaniyalarida bo‘lib, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdilar.
+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz